Linux: Dunyoni boshqarayotgan tizim. 3-qism.
1990-yillarning boshlarida Linux hali ham ko'pchilik uchun noma'lum loyiha edi. Agar o'sha paytda biror dasturchidan yoki tizim administratoridan Linux haqida so'raganingizda, ehtimol u bu nomni eshitgan bo'lardi. Ammo Linux hali korporativ dunyoda jiddiy o'yinchi sifatida qabul qilinmasdi. Yirik kompaniyalar Unix ishlatardi. Oddiy foydalanuvchilar Windows ishlatardi. Apple esa o'z yo'nalishida rivojlanayotgan edi. Linux esa asosan universitetlar, tadqiqotchilar va texnologiyaga qiziquvchilari orasida yashardi. Lekin tarixda ba'zan texnologiyaning muvaffaqiyati uning o'zidan emas, to'g'ri vaqtda to'g'ri joyda bo'lishidan ham kelib chiqadi. Linux aynan shunday davrga kirib kelayotgan edi.
1990-yillarning o'rtalariga kelib internet tez sur'atlarda rivojlana boshladi. Bugungi kun odamlari internet doimo mavjud bo'lgan deb o'ylashlari mumkin. Ammo 1990-yillarning boshida internet hali juda kichik edi. Ko'pchilik odamlar internet nima ekanligini ham bilmasdi. Saytlar soni juda kam edi. Elektron pochta endigina ommalashayotgan edi. Lekin bir necha yil ichida vaziyat keskin o'zgardi. World Wide Web ommalashdi. Kompaniyalar internetga chiqishni boshladi, yangi startaplar paydo bo'ldi. Har bir biznes o'z veb-saytiga ega bo'lishni xohlardi. Bir necha yil ichida yuz minglab yangi serverlarga ehtiyoj paydo bo'ldi, mana shu yerda Linux tarixidagi eng muhim imkoniyatlardan biri yuzaga keldi. Serverlar uchun operatsion tizim kerak edi. Lekin mavjud variantlar qimmat edi.
Solaris, AIX, HP-UX lar litsenziyasi pul talab qilardi. Kichik kompaniyalar va yangi startaplar uchun bu xarajatlar katta yuk edi. Linux esa bepul edi. Uni yuklab olish, o'zgartirish va istalgan apparatda ishlatish mumkin edi. Ko'plab administratorlar Linux bilan tajribalar o'tkaza boshlashdi. Dastlab Linux kichik serverlarda ishlatildi. Keyin o'rta loyihalarda, vaqt o'tishi bilan esa yirik tizimlarda ham ishlatila boshlandi. Bu jarayonda yana bir loyiha paydo bo'ldi.
Bu loyiha Apache edi. Bugungi kunda ko'pchilik Apache nomini eshitgan ammo 1990-yillarda Apache internet tarixini o'zgartirgan texnologiyalardan biri bo'lgan. Apache ochiq manbali veb-server edi. Linux bilan birgalikda u juda kuchli kombinatsiyani hosil qildi. Kompaniyalar server sotib olardi so'ngra Linux va Apache o'rnatadi shu bilan internetga chiqgan. Qo'shimcha litsenziya xarajatlari deyarli yo'q edi. Bu esa minglab kompaniyalar uchun zo'r yechim hisoblanardi. 1990-yillarning oxiriga kelib internetning katta qismi Linux va Apache ustida ishlay boshladi. Bu davr LAMP davri deb ham ataladi.
LAMP quyidagilarni anglatardi:
- Linux.
- Apache.
- MySQL.
- PHP.
Bu to'rtta texnologiya internet tarixidagi eng muvaffaqiyatli kombinatsiyalardan biriga aylandi. Minglab kompaniyalar aynan shu stack ustida qurildi. Ko'plab zamonaviy internet gigantlari ham faoliyatining dastlabki yillarida LAMPdan foydalangan. Bu davrda Linux yana bir muhim afzallik barqarorlikni namoyish qildi. Windows serverlari qayta yuklanishi kerak bo'lgan holatlar tez-tez uchrardi. Linux esa oylar ba'zan yillar davomida ishlashi mumkin edi. Administratorlar orasida uptime tushunchasi mashhur bo'lib ketdi. Kimning serveri eng uzoq vaqt ishlayotganini ko'rsatish bir necha ma'noda faxr masalasiga aylangan edi. Linux bu borada juda yaxshi natijalar ko'rsatardi. Buning sababi tasodif emas edi. Unix falsafasi yana o'zini namoyon qilayotgan edi.
- Kichik komponentlar.
- Aniq vazifalar.
- Soddalik.
- Murakkablikdan qochish.
Bu tamoyillar server muhitida juda yaxshi ishlardi. 2000-yilga kelib .com(dot-com) pufagi yorildi. Ko'plab internet kompaniyalari bankrot bo'ldi. Lekin internetning o'zi yo'qolmadi. Aksincha infratuzilma rivojlanishda davom etdi. Linux ham o'sishda davom etdi. Bu davrda Linuxga korporativ dunyo jiddiy qaray boshladi. Avvallari Linux faqat havaskorlar tizimi deb qaralardi. Endi esa yirik kompaniyalar undan foydalanayotgan edi. IBM Linuxni qo'llab-quvvatlashini e'lon qildi. Bu juda katta voqea edi. Bir vaqtlar Unix dunyosining eng yirik o'yinchilaridan biri Linux ni qo'llab quvvatlayotgandi. Ko'p o'tmay boshqa kompaniyalar ham shu yo'ldan bordi. Oracle Linux uchun mahsulotlar chiqara boshladi. Dell Linux serverlarini taklif qila boshladi. HP Linux serverlarini qo'llab-quvvatlay boshladi. Linux asta-sekin korporativ infratuzilmaning bir qismiga aylanib borayotgan edi. Bu jarayonda distributivlar ham rivojlanib bordi. Slackware tajribali foydalanuvchilar orasida mashhur edi. Debian barqarorligi bilan tanildi. Red Hat korporativ bozorga yo'naltirildi. Keyinchalik Ubuntu paydo bo'ldi. Ubuntu Linux tarixida alohida o'rin tutadi. Chunki u Linux'ni millionlab yangi foydalanuvchilarga yaqinlashtirdi. Oldingi distributivlar ko'pincha tajribali foydalanuvchilar uchun mo'ljallangan edi. Ubuntu esa oddiy odam ham Linux ishlata olishini ko'rsatdi. Ko'plab dasturchilar Linux bilan ilk tanishuvlarini aynan Ubuntu orqali boshlashgan.
2000-yillarning boshlarida yana bir muhim voqea yuz berdi. Linux serverlarda muvaffaqiyat qozongan edi. Ammo endi yangi maydon paydo bo'layotgan edi. Mobil qurilmalar. Telefonlar tobora aqllilashib borayotganda kompaniyalar yangi operatsion tizimlar ustida ishlayotgan edi. Hech kim hali Linux bu bozorga ham kirib borishini tasavvur qilmayotgandi. Ammo tarix Linux uchun yana bir imkoniyat tayyorladi. Bu safar natija milliardlab qurilmalar bilan o'lchanardi.
2003-yilda Kaliforniyada kichik kompaniya tashkil qilindi. Uning nomi Android Inc edi. Kompaniya mobil qurilmalar uchun operatsion tizim ishlab chiqishni maqsad qilgandi. O'sha davr telefonlar bozorida Nokia hukmron edi, BlackBerry biznes dunyosining sevimli qurilmasi hisoblanardi. Windows Mobile, Palm OS lar ham bozorda mavjud edi. Lekin bugungi smartfonlar hali paydo bo'lmagandi. Mobil operatsion tizimlar endi rivojlanish bosqichida bo'lgan paytda 2005-yilda Google Android kompaniyasini sotib oldi. Bu qaror texnologiya tarixidagi eng muhim xaridlardan biriga aylandi. Google yangi mobil operatsion tizim yaratmoqchi edi. Google kompaniyasi muhandislarida savol paydo bo'ldi. Yangi tizimning asosi nima bo'ladi? Ular oldida bir nechta tanlov mavjud edi. Yangi kernelni o'zlari uchun boshidan yozish yoki mavjud tizimlaridan foydalanish. Google tayyro Linuxdan foydalanishni tanladi.
Buning sabablari ko'p edi. Linux bepul, sinovdan o'tgan, barqaror, turli qurulmalarda ishlay olardi. Eng muhimi ochiq edi. Shu bilan Android Linux kernel asosida qurildi. Ko'pchilik foydalanuvchilar buni bilmaydi. Telefonida Android ishlatadigan odamlarning katta qismi Linux ishlatayotganini anglamaydi. Ammo texnik tomondan qaraganda Android qurilmasining yuragida Linux kernel ishlaydi.
Bu qaror Linux tarixidagi eng katta yutuqlardan biri bo'lgan. Serverlarda millionlab Linux tizimlari mavjud bo'lgan bir payda, Android Linuxni milliardlab qurilmalarga olib kirdi. Bugungi kunda dunyoda eng ko'p ishlatiladigan operatsion tizimlardan biri Android hisoblanadi. Demak, ma'lum ma'noda Linux ham dunyodagi eng ko'p ishlatiladigan operatsion tizimlar oilasidan biridir.
Shu bilan Linux faqat telefonlar bilan cheklanib qolmasdan boshqa ko'plab qurilmalarga ham kirib bordi.
- Routerlari.
- Televizorlar.
- Avtomobillar.
- Kameralar.
- Sanoat uskunalari.
- IoT qurilmalari.
Bugungi kunda Linuxda ishlamaydigan qurilmani topish ba'zan Linuxda ishlaydigan qurilmani topishdan qiyinroq. Ammo Linux tarixidagi navbatdagi katta o'zgarish mobil qurilmalarda emas, ma'lumot markazlarida yuz berdi. 2000-yillarning o'rtalariga kelib kompaniyalar yangi muammoga duch kelishdi. Internet xizmatlari tobora kattalashib borayotgan edi. Millionlab foydalanuvchilarga xizmat ko'rsatish kerak edi. Serverlar soni o'sib borardi bu esa infratuzilmani murakkablashtirardi. Bu paytda yangi yondashuvga extiyoj sezildi. Shu davrda cloud computing tushunchasi ommalasha boshladi. Bundan oldingi qismlarda Multics haqida yozgandik. 1960-yillarda Multics yaratuvchilari hisoblash quvvati markazlashgan xizmat sifatida taqdim etiladigan kelajakni tasavvur qilishgan edi. Yarim asrdan keyin aynan shu g'oya yana qaytdi. Faqat bu safar u bulutli hisoblash nomini oldi. Amazon Web Services, Google Cloud, Microsoft Azurelar paydo bo'ldi.
Bu platformalarning katta qismi Linux ustida qurilgandi. Aslida cloud revolyutsiyasi Linuxsiz tasavvur qilib bo'lmaydigan hodisa edi. Linux ochiq, moslashuvchan, avtomatlashtirish va masshtablash uchun qulay tizim hisoblanardi. Ma'lumot markazlari uchun aynan shular kerak bo'lgan. Shuning uchun cloud rivojlangan sari Linux ham rivojlandi. Lekin yana bir muhim voqea sodir bo'ldi. 2013-yilda Docker nomli loyiha paydo bo'ldi. Bugungi dasturchilar Dockersiz ishlashni tasavvur qilishlari qiyin. Lekin Docker paydo bo'lishidan oldin dasturlarni joylashtirish ancha murakkab bo'lgan. Bir dastur serverda ishlaydi, boshqasida ishlamaydi, kutubxonalar va versiyalar mos kelmaydi, muhitlar bir-biridan farq qilardi. Bu muammolar deyarli har bir dasturchida ucharydigan odatiy muamolar bo'lgan.
Docker bu muammolarni konteynerlar orqali hal qilishga harakat qildi. Qizig'i shundaki, Docker noldan yangi texnologiya yaratmagan edi. U Linux kernelidagi mavjud imkoniyatlardan foydalangan edi. Namespaces, Control Groups (cgroups), Izolyatsiya mexanizmlari bularning barchasi Linux ichida allaqachon mavjud bo'lgan imkoniyatlar edi. Docker ularni qulay shaklda birlashtirib berdi. Natijada konteynerlar davri boshlandi. Bir necha yil ichida Docker sanoat standartiga aylandi. Shundan so'ng Kubernetes paydo bo'ldi. Kubernetes ham Linux ekotizimining tabiiy davomiga aylandi. Bugungi cloud-native infratuzilmalarning katta qismi Docker va Kubernetes asosida ishlaydi. Docker va Kubernetes ishlayotgan joyda esa Linux ham mavjud. Agar bugungi zamonaviy DevOps muhandisidan eng muhim texnologiyalarni sanashni so'rasangiz ro'yxatda Linux deyarli har doim bo'ladi.
Cloud, Docker, Kubernetes, CI/CD, Monitoring, Observability, Infrastructure as Code bu tushunchalarning deyarli barchasi Linux bilan chambarchas bog'langan. Shuning uchun Linuxni o'rganayotgan odam aslida faqat operatsion tizimni o'rganmaydi. U zamonaviy infratuzilmaning asoslarini o'rganadi.
So'nggi yillarda Linux yana bir yangi to'lqinning markazida paydo bo'ldi bu ChatGPT, Gemini, Claude, Llama. Qisqa qilib bularni sun'iy intellekt(SI) deb atashimiz mumkin.
SI tizimlari ortidagi hisoblash klasterlari asosan Linux asosida ishlaydi. NVIDIA GPU serverlari, superkompyuterlar, ma'lumot markazlari, SI o'qitish klasterlari bularning katta qismida Linux ishlaydi. Bu tasodif emas Linux yarim asr davomida katta masshtabdagi hisoblash tizimlari uchun eng mos platformalardan biri bo'lib kelmoqda. Bugungi kunda TOP500 ro'yxatidagi deyarli barcha superkompyuterlar Linux ishlatadi. Bu Linux tarixidagi eng qiziq paradokslardan biri.
1991-yilda Linus Torvalds Linuxni shunchaki hobbiy loyiha deb ta'riflagan edi. Oradan o'ttiz yildan ko'proq vaqt o'tgach esa uning loyihasi telefonlarda ishlayapdi, internetni boshqaryapdi, sun'iy intellektni o'qityapdi, superkompyuterlarni harakatlantirmoqda, kosmik tadqiqotlarda ham faol qo'llanilyapdi. Bularning barchasi bitta muhim savolni tug'diradi. Linux qanday qilib shuncha vaqt davomida dolzarb bo'lib qoldi? Nima uchun ko'plab texnologiyalar unutilib ketgan bo'lsa-da, Linux hanuz rivojlanyapdi?
Agar siz 1995-yilda texnologiya olamidagi mutaxassislardan kelajak haqida so'raganingizda, ko'pchilik Linux nomini tilga olmagan bo'lardi. O'sha paytda Microsoft, IBM, HP, Oracle, Microsystems kabi dunyodagi eng kuchli dasturiy ta'minot kompaniyalari bozorining eng muhim o'yinchilaridan biri edi. Linux esa universitetlar va internet forumlarida rivojlanayotgan loyiha hisoblanardi. Uning ortida milliardlab dollar yo'q pul va marketing bo'limlari yo'q edi. Shunday ekan, tabiiy savol tug'iladi Linux qanday qilib yutdi? Bu savolga javob topish uchun Linuxga texnologiya sifatida emas, g'oya sifatida qarash kerak. Chunki Linuxning eng katta kuchi uning kodi emas rivojlanish modeli edi. Tarixga nazar tashlasak, Linux muvaffaqiyati aslida bir nechta avlod muhandislarining g'oyalari ustiga qurilganini ko'ramiz. Multics loyihasi operatsion tizim qanday bo'lishi mumkinligini ko'rsatdi, Ken Thompson soddalikning qadrini tushundi, Dennis Ritchie portativ dasturiy ta'minot yaratish yo'lini ochdi, BSD jamoasi tarmoq texnologiyalarini rivojlantirdi, Richard Stallman erkin dasturiy ta'minot falsafasini yaratdi. Linus Torvalds esa bularning barchasini birlashtira oladigan rivojlanish modelini topdi. Aslida Linux bir odamning mahsuloti emas. U minglab odamlarning umumiy mehnati natijasidir. Bugungi Linux kerneliga minglab kompaniyalar hissa qo'shadi. Intel, AMD, Google, IBM, Oracle, Red Hat, xatto Microsoft ham kod yozadi. Bularning barchasi bir vaqtlar raqobatchi bo'lgan kompaniyalar.
Lekin Linux ekotizimida ular hamkorlik qiladi. Bu esa dasturiy ta'minot tarixidagi eng qiziq hodisalardan biri. Ko'plab texnologiyalar bitta kompaniyaga bog'liq bo'ladi. Kompaniya muvaffaqiyat qozonsa, mahsulot yashaydi. Kompaniya muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, mahsulot ham yo'qoladi. Linux esa boshqacha. Linux bitta kompaniyaga, bitta davlatga yoki bitta universitetga tegishli emas. Shu sababli Linux Unix davridan, Internet revolyutsiyasidan, Mobil revolyutsiyadan va cloud revolyutsiyasidan ham omon qoldi.
Bugun esa SI davrida ham markaziy o'rinlardan birini egallab turibdi. Linux muvaffaqiyatining ikkinchi siri Unix falsafasida yashiringan. Bu falsafa maqolaning boshidan beri biz bilan birga kelmoqda.
- Har bir dastur bitta ishni yaxshi bajarsin.
- Murakkab tizimlar kichik qismlardan tashkil topsin.
- Ortiqcha murakkablikdan qochish.
Bu tamoyillar yarim asr oldin shakllangan bo'lsa ham, bugungi kunda ham dolzarbligini yo'qotmagan. Qiziq tomoni shundaki, zamonaviy texnologiyalarning ko'pi aynan shu g'oyalarga qaytmoqda. Taqsimlangan tizimlar arxitekturasi aslida Unix falsafasining yangi ko'rinishi. Kubernetes, Docker lar ham shu falsafaga yaqin. Texnologiyalar va vositalar o'zgaradi lekin asosiy g'oyalar saqlanib qoladi.
Linux tarixini o'rganayotgan odam uchun eng muhim bilimlardan biri ham shu. Ko'pincha texnologiyadan ko'ra prinsiplar uzoq yashaydi. Texnologiyalar o'zgarishi mumkin lekin soddalik, modullilik va ochiqlik g'oyalari yashab qoladi. Bugungi kunda Linux o'rganishni boshlayotgan odam ba'zan o'zini yo'qotib qo'yadi:
- Yuzlab distributivlar.
- Minglab buyruqlar.
Va yana boshqa qo'shimcha texnologiyalar:
- Docker.
- Kubernetes.
- Ansible.
- Terraform.
- Nginx.
- PostgreSQL.
Bularning barchasi juda murakkab ko'rinishi mumkin. Lekin Linux tarixiga nazar tashlasangiz, aslida hammasi bir nechta oddiy g'oyalardan boshlanganini ko'rasiz:
- Bir fayl.
- Bir jarayon.
- Bir buyruq.
- Bir vazifa.
Ko'p hollarda Linuxni yaxshi tushunadigan muhandislar murakkab narsalarni yod olganlari uchun emas, oddiy narsalarni chuqur tushunganlari uchun kuchli bo'ladilar. Linux kelajagi haqida gapirganda ham qiziqarli holatni ko'rish mumkin. Har o'n yilda yangi texnologik trend paydo bo'ladi. 1990-yillarda internet. 2000-yillarda virtualizatsiya. 2010-yillarda cloud. 2020-yillarda sun'iy intellekt. Har safar yangi trend chiqqanida ayrim odamlar Linux endi eskiradi deb o'ylashadi. Ammo amalda aksincha bo'ldi. Yangi trend paydo bo'lgach, uning tagida yana Linux paydo bo'ladi.
- Internet.
- Cloud.
- Kubernetes.
- SI klasterlari.
Barchasini ostida Linux bor.
Bu Linuxning eng katta kuchlaridan biri. U ko'rinmaydi. Ko'pchilik foydalanuvchilar uni sezmaydi. Lekin u zamonaviy hisoblash infratuzilmasining poydevori sifatida ishlashda davom etadi. Maqolamiz boshida biz 1960-yillardagi ulkan kompyuterlar haqida gapirgandik. O'sha davr muhandislari hisoblash resurslari hamma uchun ochiq bo'lishini orzu qilishgan edi. Bugungi cloud xizmatlari aynan shuni amalga oshirmoqda.
Info
Linus Torvalds boshlagan loyiha dunyodagi eng katta hamkorlikdagi muhandislik loyihalaridan biriga aylandi. Linux tarixiga qarasangiz, bu faqat operatsion tizim tarixi emasligini tushunasiz. Bu g'oyalar, hamkorlik, bilim almashish, insonlarning murakkab muammolarni birgalikda hal qilish tarixi.
Bugun terminal oynasini ochib birinchi buyruqni yozayotgan yangi foydalanuvchi ehtimol bularning barchasini o'ylamas. U shunchaki:
buyrug'ini yozadi. Ekranda bir nechta fayl nomlari paydo bo'ladi. Oddiy holat. Lekin o'sha oddiy buyruq ortida yarim asrdan ortiq davom etgan muhandislik tajribasi, minglab odamlarning mehnati va kompyuter tarixining eng qiziqarli hikoyalaridan biri yashiringan. Linuxni o'rganish aslida buyruqlarni yodlash emas. Linuxni o'rganish zamonaviy kompyuter dunyosi qanday shakllanganini tushunishdir. Va ehtimol aynan shu sababli Linux bugun ham dolzarb. Chunki uning hikoyasi hali tugamagan.
![]()
Linus Torvalds
![]()
Linuxning logosi Tux pingvini
Tip
Linux logotipi — Taks (Tux) deb nomlangan pingvin. U 1996-yilda yosh dasturchi Larri Yuing tomonidan chizilgan. Asosiy g'oya Linux asoschisi Linus Torvaldsga tegishli bo'lib, u Avstraliyadagi hayvonot bog'ida bo'lganida pingvin uni tishlab olgani va shu voqea unga yoqqani uchun pingvinni logo sifatida tanlagan.