Skip to content

Linuxni o'rnatish.

Oldingi qismada distributivlar orasidagi farqlarni ko'rib chiqdik. Endi tabiiy savol tug'iladi tanlagan distributivingizni kompyuteringizga qanday o'rnatish kerak? Aslida bu savolga bitta emas, kamida yana uchta savol berish mumkin. Shunchaki sinab ko'rmoqchimisiz, kundalik ishda ishlatmoqchimisiz yoki kompyuteringizni to'liq Linuxga o'tkazmoqchimisiz.

Keling, bu uchta usulni birma-bir ko'rib chiqamiz: virtual mashina, WSL va dual-boot.

Virtual mashina: eng xavfsiz boshlanish nuqtasi

Virtual mashina sizning kompyuteringiz ichida ishlaydigan, lekin alohida kompyuter sifatida ishga tushuvchi dastur. Ya'ni siz Windows yoki macOS da turib, ichida to'liq Linux ishga tushirasiz va u asosiy tizimingizga umuman ta'sir qilmaydi. Agar biror narsani buzib qo'ysangiz, virtual mashinani shunchaki o'chirib qaytadan yaratishingiz mumkin.

Bu ishni bajarish uchun eng ko'p ishlatiladigan dastur Oracle kompaniyasining VirtualBox dasturi. Jarayon umumiy holda quyidagicha bo'ladi:

  1. VirtualBox dasturini rasmiy saytdan yuklab, o'rnatasiz.
  2. Ubuntu distributivning ISO faylini yuklab olasiz.
  3. VirtualBoxda yangi virtual mashina yaratasiz unga qancha xotira (RAM) va disk joyi berishni belgilaysiz.
  4. Yuklab olingan ISO faylni virtual mashinaga disk sifatida ulaysiz va uni ishga tushirasiz.
  5. Ekranda paydo bo'lgan o'rnatuvchi orqali oddiy kompyuterga o'rnatgandek Linuxni o'rnatasiz.

Virtual mashinaning eng katta afzalligi xavfsizlik. Siz haqiqiy diskingizga tegmaysiz, hech narsani yo'qotish xavfi yo'q. Kamchiligi esa u haqiqiy kompyuterdan sekinroq ishlaydi, chunki resurslarning bir qismi asosiy tizimga ham sarflanadi. Virtual mashina o'rganish va sinov uchun juda mos.

WSL: Windows ichida to'g'ridan-to'g'ri Linux

Agar siz Windows foydalanuvchisi bo'lsangiz va faqat terminal, buyruqlar hamda dasturlash muhitini sinab ko'rmoqchi bo'lsangiz, virtual mashina yaratishning hojati yo'q. Microsoft buning uchun WSL (Windows Subsystem for Linux) degan alohida yechim yaratgan.

WSL Windows ichiga o'rnatiladigan to'liq huquqli Linux muhiti. U virtual mashinadan farqli o'laroq, ancha yengil va tez ishlaydi, chunki Windows bilan chuqurroq integratsiyalashgan. WSL orqali siz Ubuntu yoki boshqa distributivni Windows terminalida to'g'ridan-to'g'ri ishga tushira olasiz, Linux buyruqlarini yoza olasiz, hatto Windows fayllariga ham kirish imkoniga ega bo'lasiz.

O'rnatish juda oddiy:

  1. Windows'da PowerShellni administrator huquqida ochasiz.
  2. wsl --install buyrug'ini kiritasiz.
  3. Kompyuter qayta ishga tushgandan so'ng, standart bo'lib Ubuntu o'rnatiladi (xohlasangiz, boshqa distributivni ham tanlashingiz mumkin).

WSL dasturchilar orasida juda mashhur, chunki Windowsning barcha qulayliklarini saqlab qolgan holda, Linux terminalidan to'liq foydalanish imkonini beradi. Kamchiligi shundaki WSL to'liq grafik Linux muhitini taqdim etmaydi. WSL ko'proq terminal va serverga yo'naltirilgan ishlar uchun mo'ljallangan.

Dual-boot: ikkita tizim bitta diskda

Agar sizga Linuxni to'liq hech qanday cheklovsiz haqiqiy uskunada his qilish kerak bo'lsa masalan tizim tezligini, batareya ishlashini yoki grafik kartani sinash uchun, u holda dual-boot kerak bo'ladi.

Dual-boot degani bitta kompyuteringizda ikkita operatsion tizimni bir vaqtda o'rnatish va kompyuterni yoqishda qaysi birini ishga tushirishni tanlash. Masalan Windows va Ubuntu bitta diskda yonma-yon turishi mumkin. Bu usul boshqalariga qaraganda ancha jiddiyroq, chunki u haqiqiy diskingiz bilan ishlaydi. Umumiy qadamlar quyidagicha:

  1. Diskingizda Linux uchun alohida joy ajratasiz (odatda Windows disk boshqaruvi orqali mavjud joyni bo'lib olasiz).
  2. Tanlagan distributivning ISO faylini USB flesh-diskka yozib (masalan Rufus dasturi yordamida) yuklanuvchi disk yaratasiz.
  3. Kompyuterni o'sha USB orqali ishga tushirasiz va o'rnatuvchini ochasiz.
  4. O'rnatish jarayonida ajratilgan joyga o'rnatish variantini tanlaysiz shunda Windows diskiga tegmaydi.
  5. O'rnatish tugagach kompyuterni yoqqaningizda GRUB degan menyu chiqadi u yerdan har safar Windows yoki Linuxni tanlab kirasiz.

Dual-bootning afzalligi Linux haqiqiy uskunada, hech qanday cheklovsiz, to'liq tezlikda ishlaydi. Kamchiligi esa xavf darajasi yuqoriroq, disk bo'lish jarayonida xatolik yuz bersa, mavjud ma'lumotlar yo'qolishi mumkin. Shu sababli dual-bootga o'tishdan oldin muhim fayllaringizni albatta zaxira nusxasini olib qo'yish tavsiya etiladi.

Qaysi usulni tanlash kerak

Uchala usul ham to'g'ri, faqat maqsadga qarab farq qiladi.

  • Linuxni birinchi marta ko'rmoqchisiz lekin buzishdan qo'rqasiz - virtual mashina.
  • Faqat terminal va dasturlash muhiti kerak bo'lsa va Windowsni tark etishni xohlamaysiz - WSL.
  • Linuxni to'liq tezlikda, real ishda sinab ko'rmoqchi bo'lsangiz - dual-boot.

Ko'pchilik shu ketma-ketlik bilan boradi:

  • avval virtual mashinada sinab ko'rishadi.
  • keyin WSL orqali kundalik ishga qo'shadi.
  • Linux yaxshi o'rgangach dual-bootga yoki to'liq Linuxga o'tadi.

Info

Virtual mashina yoki WSLda o'rnatilgan Linuxni buzib qo'yishdan hech qachon qo'rqmang. Ularning ikkalasini ham bir necha daqiqada o'chirib, qaytadan yaratish mumkin. Aynan shu erkinlik Linuxni o'rganishning eng yaxshi usuli hisoblanadi sinab ko'ring, xato qiling, qaytadan boshlang.

Yuqorida ko'rsatilgan o'rnatish hozirgi vaqt uchun bo'lib vaqt o'tishi bilan o'zgarishi mumkin. Quyida Linuxni kompyuterga o'rnatib ishga tushurish uchun, qo'shimcha manbaalar qoldiraman. Shulardan foydalanib o'zingizga mosini tanlab ishni boshlashingiz mumkin bo'ladi.

Yana bir narsani aytib o'tishim kerak men Linuxni o'rganish bo'yicha seriyali postlar yozishda, to'liq Linux Ubuntudan foydalanishni maqsad qilganman, agar shu yerda o'rganishni boshlamoqchi bo'lsangiz sizga ham Ubuntu o'rnatishni maslahat beraman.