Linux distributivlari.
Linux haqida gap ketganda ko'pchilik bir narsaga yaxshi e'tibor berishmaydi Linux o'zi yagona, yaxlit operatsion tizim emas.
Aslida siz kompyuteringizga to'g'ridan-to'g'ri Linux deb nomlangan narsani o'rnata olmaysiz. Chunki Linux faqat kernel, ya'ni operatsion tizimning markaziy qismi. U protsessor, xotira, disk va boshqa qurilmalar bilan ishlaydigan tizim. Lekin kernelning o'zi sizga terminal, dastur o'rnatish tizimi yoki grafik interfeys bermaydi. Aynan shu yerda distributiv tushunchasi paydo bo'lgan.
Distributiv Linux kernel atrofiga yig'ilgan to'liq operatsion tizim to'plami. Kimdir yoki qandaydir jamoa kernelni oladi, unga kerakli dasturlarni, kutubxonalarni, paket boshqaruvchisini, grafik muhitni va sozlamalarni qo'shadi, natijada foydalanuvchi o'rnatib ishlata oladigan tayyor OT paydo bo'ladi. Bugungi kunda yuzdan ortiq faol distributiv mavjud. Ba'zilari serverlar uchun, ba'zilari oddiy foydalanuvchilar uchun, ba'zilari esa faqat tajribali muhandislar uchun mo'ljallangan.
Yangi boshlovchi uchun bu manzara ko'pincha chalkash tuyuladi. Ubuntu, Debian, Fedora, Arch, Mint, CentOS, Kali bularning barchasi Linux, lekin nega ular boshqacha nomlarga ega? Bu savolga javob berish uchun distributivlar qanday paydo bo'lganini va ular orasidagi asosiy farqlarni tushunish kerak.
Nega bitta Linux o'rniga yuzlab distributiv bor?
1991-yilda Linus Torvalds faqat kernelni ishlab chiqgan edi. Kernelning o'zi bilan hech narsa qilib bo'lmasdi. Odamlarga to'liq ishlaydigan tizim kerak edi. Shu sababdan muhandislar kernel atrofiga o'z g'oyalarini qo'sha boshladi. Ba'zilar soddalikka, ba'zilar barqarorlikka, ba'zilar esa eng so'nggi texnologiyalarga e'tibor berishdi. Har bir muhandis o'zining falsafasi, auditoriyasi va texnik yechimlari bilan alohida distributiv ishlab chiqdi. Vaqt o'tishi bilan bu distributivlar bir-biridan ham nusxa ola boshladi. Ya'ni ko'plab mashhur distributivlar aslida boshqa distributivning asosida qurilgan.
Uch katta oila.
Amalda deyarli barcha mashhur distributivlarni uchta katta oilaga bo'lish mumkin.
- Debian oilasi - Debian, Ubuntu, Linux Mint.
- Red Hat oilasi - Red Hat Enterprise Linux (RHEL), Fedora, CentOS, Rocky Linux.
- Arch oilasi - Arch Linux, Manjaro.
Kundalik hayotda eng ko'p uchraydigan va o'rganish uchun eng foydali bo'lgan uchta oila aynan yuqoridagilar.
Debian oilasi
Debian 1993-yilda tashkil qilingan va bugungi kunga qadar barqarorlik bilan tanilgan distributiv. Uning paket
formati .deb, paket boshqaruvchisi esa apt. Debian o'zining sekin, lekin juda ehtiyotkor yangilanish tizimi bilan
mashhur. Yangi dastur versiyasi Debianga tushishidan oldin uzoq vaqt sinovdan o'tadi. Shu sababli Debian ko'pincha
serverlarda va ishonchlilik muhim bo'lgan joylarda ishlatiladi.
Ubuntu esa Debian asosida qurilgan, lekin boshqa maqsadni ko'zlagan. 2004-yilda Canonical kompaniyasi tomonidan chiqarilgan Ubuntu oddiy foydalanuvchiga qulaylikni birinchi o'ringa qo'ydi. Debiandan farqli o'laroq, Ubuntu yangi dasturlarni tezroq qo'shadi, o'rnatish jarayonini soddalashtiradi va yangi boshlovchilar uchun ko'proq hujjat va qo'llab-quvvatlashga ega. Aynan shu sabab bilan ko'plab dasturchilarning Linux bilan birinchi tanishuvi Ubuntu bilan boshlanadi.
Linux Mint - Ubuntu asosida qurilgan distributiv. U Windowsdan Linuxga o'tayotgan foydalanuvchilar uchun qulay interfeys taklif qiladi.
Red Hat oilasi
Red Hat korporativ dunyoga qaratilgan yondashuvi bilan ajralib turadi. RHEL (Red Hat Enterprise Linux) to'lov
asosida taqdim etiladigan, uzoq muddatli qo'llab-quvvatlashga ega distributiv. Yirik kompaniyalar va davlat
muassasalari ko'pincha aynan RHELni tanlaydi, chunki RHELni rasmiy texnik yordami ham mavjud. Paket formati .rpm,
paket boshqaruvchisi esa dnf (avvalgi nomi yum).
Fedora - Red Hat tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan, lekin bepul va tezroq yangilanadigan distributiv. Fedora ko'pincha RHELga kiritiladigan texnologiyalarning sinov maydoni vazifasini bajaradi. Yangi imkoniyat avval Fedorada paydo bo'ladi, keyin sinovdan o'tib RHELga qo'shiladi.
CentOS RHELning bepul o'xshash versiyasi sifatida mashhur bo'lgan. Hozirda uning o'rnini Rocky Linux va AlmaLinux egallagan ular ham xuddi shunday RHEL bilan mos keladigan, bepul serverlar uchun distributivlar.
Arch oilasi
Arch Linux butunlay boshqa falsafaga asoslangan. Ubuntu yoki Fedora sizga ko'plab narsani avvaldan o'rnatilgan
holda taqdim etsa, Arch deyarli bo'sh tizimdan boshlanadi. Foydalanuvchi har bir komponentni o'zi qo'shadi va
sozlaydi. Bu yondashuv boshidan quriladigan distributiv deb ham ataladi. Natijada foydalanuvchi tizimning har bir
qismini chuqur tushunishga majbur bo'ladi. Arch paket boshqaruvchisi pacman, hujjatlari esa (ArchWiki) Linux
olamidagi eng sifatli va chuqur yozilgan hujjatlardan biri hisoblanadi.
Manjaro - Archning kuchidan foydalanib lekin uni yangi boshlovchilar uchun soddalashtirgan distributiv. U Archning barcha paketlariga kirish imkonini beradi, lekin o'rnatish va sozlashni ancha osonlashtiradi.
Distributivlar orasidagi asosiy farqlar
Barcha distributivlarni solishtirganda farqlar odatda quyidagi bir nechta o'lchamda namoyon bo'ladi:
- Paket boshqaruvchisi - Debian oilasida
apt, Red Hat oilasidadnf, Arch oilasidapacman. Bu dasturlarni o'rnatish, yangilash va olib tashlash uchun ishlatiladigan vosita. - Yangilanish - Ba'zi distributivlar (Debian, RHEL, Ubuntu LTS) barqarorlikni birinchi o'ringa qo'yib, kam va sinovdan o'tgan yangilanishlar chiqaradi. Boshqalari (Fedora, Arch) yangi imkoniyatlarni tezroq yetkazadi, lekin ba'zan beqarorlik xavfi ham ortadi.
- Auditoriya - Ubuntu va Mint yangi boshlovchilarga, RHEL va CentOS korporativ serverlarga, Arch esa tajribali muhandislarga qaratilgan.
- Falsafa - Ba'zi distributivlar hammasi tayyor bo'lsin falsafada ishlaydi, boshqalari esa foydalanuvchi hamma narsani o'zi tanlasin falsafasini afzal ko'radi.
- Litsenziya va narx - RHEL kabi ba'zi distributivlar korporativ qo'llab-quvvatlash uchun pul talab qiladi. Ubuntu, Debian, Fedora, Arch kabi aksariyati esa to'liq bepul.
Muhimi shundaki bu farqlarning aksariyati kernel darajasida emas, balki uning atrofidagi qatlamda joylashgan. Barcha distributivlarning yuragida deyarli bir xil Linux kernel ishlaydi. Farqi kernel atrofiga qanday tizim qurilganida.
Qaysi distributivni tanlash kerak?
Yangi boshlovchi uchun murakkab tanlovlar shart emas, keng tarqalgan va hujjatlari ko'p bo'lgan distributivdan boshlash to'g'ri bo'ladi. Aksariyat holatlarda tavsiya quyidagicha bo'ladi:
- O'rganish va kundalik ishlatish uchun Ubuntu yoki Linux Mint.
- Server va DevOps yo'nalishida ishlashni maqsad qilganlar uchun Debian, Ubuntu yoki Rocky Linux (chunki ko'plab kompaniyalar serverlarida aynan shular ishlaydi).
- Tizimni chuqur tushunishni xohlaydigan, vaqtini ayamaydigan muhandislar uchun Arch Linux.
Distributivni istalgan vaqt almashtirish, hatto bir nechtasini parallel sinab ko'rish mumkin. Muhimi qaysi distributivni tanlashingizdan qat'iy nazar, siz o'rganadigan buyruqlar, fayl tizimi tuzilishi va asosiy tushunchalarning katta qismi deyarli barcha distributivlarda bir xil qoladi. Chunki ularning barchasi bitta umumiy asos Linux kernel va Unix falsafasi ustiga qurilgan.
Tip
Agar hali qaysi distributivdan boshlashni bilmasangiz, virtual mashina (masalan, VirtualBox) yoki WSL orqali bir nechta distributivni sinab ko'ring. Ishlab turgan OTga zarar bermasdan turib, Ubuntu, Fedora va Archning qanday farq qilishini his qilib ko'rish mumkin.