Skip to content

Operatsion tizim(OT) nima?

Operatsion tizim (OT) kompyuterning eng muhim dasturiy ta'minoti hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi foydalanuvchi va qurilma o'rtasida vositachi bo'lib xizmat qilish. Oddiy foydalanuvchi kompyuter qurilmasiga to'g'ridan to'g'ri buyruq berolmaydi chunki kompyuter o'zining maxsus buyruqlarini tushunadi xolos. Bu buyruqlarni OT inson tushunadigan tilda qabul qilib, kompyuter tushunadigan tilga o'girib beradi. Natijada qurilma berilgan vazifani bajaradi.

OT kompyuterga o'rnatilgan barcha dasturlarni uzluksiz va to'g'ri ishlashini ta'minlaydi. Misol uchun kompyuterda rasmlarni qayta ishlaydigan dastur ishlab turibdi, foydalanuvchi kompyuter tezkor xotirasini boshqa dasturlarni ishga tushurib to'ldirib yubordi shu paytda OT zarur hollarda faol bo'lmagan dasturlarni xotiradan chiqarishi, diskdagi swap qismidan foydalanishi yoki tizim resurslarini qayta taqsimlashi mumkin.

Operatsion tizimning asosiy vazifalari


  • Jarayonlarni (process) boshqarish
  • Xotirani boshqarish
  • Fayl tizimini boshqarish
  • Qurilmalarni boshqarish
  • Xavfsizlikni ta'minlash
  • Foydalanuvchiga qulay interfeys taqdim etish.

Kompyuter juda ko'p qismlardan iborat bo'ladi bunga monitor, klavyatura, sichqoncha va video kameralarni misol qilib olishimiz mumkin. Har bir qurilmani o'zini buyruqlari bor OT hammasini bilmaydi shuning uchun ularga har bir qurilma uchun maxsus yozilgan drayver deb nomlangan qo'shimcha dasturlar o'rnatiladi. Daryverlar qurilma va OT ni bog'lash uchun xizmat qiladi.

Info

Operatsion tizimning eng muhim vazifasi resurslarni to'g'ri boshqarish shuningdek foydalanish qulayligi va samaradorligini ta'minlash.

Operatsion tizimlarga misol sifatida Microsoft kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan va grafik interfeysi bilan mashhur bo‘lgan Microsoft Windows tizimini keltirish mumkin. Windows shaxsiy kompyuterlar uchun ishlab chiqilgan bo‘lib, bugungi kunda dunyodagi eng ommabop operatsion tizimlardan biri hisoblanadi.

Yana bir mashhur operatsion tizim MacOS. U Apple kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan, asosan Apple qurilmalarida qo‘llaniladi. Apple mahsulotlari nisbatan qimmatroq bo‘lgani sababli, MacOS foydalanuvchilari soni Windows foydalanuvchilariga qaraganda kamroq.

Linux esa ochiq kodli operatsion tizim bo‘lib, xavfsizligi, barqarorligi va moslashuvchanligi bilan mashxur. Shu sababli u serverlarda, superkompyuterlarda keng qo‘llaniladi.

Mobil qurilmalar uchun eng mashhur operatsion tizimlardan biri Android hisoblanadi. Android ko'plab qurilmalarni qo‘llab-quvvatlaydi, foydalanuvchilarga tizimni moslashtirish imkoniyatini beradi.

iOS esa Apple kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan mobil operatsion tizim bo‘lib, iPhone va boshqa Apple mobil qurilmalarida ishlatiladi. U yuqori darajadagi xavfsizlik, barqaror ishlash va qattiq nazorat qilinadigan ilovalar muhiti bilan mashhur.

Bu maqolada operatsion tizim nima ekanligi va uning asosiy vazifalari bilan tanishdik. Keyingi maqolada esa kompyuter yoqilgan paytdan boshlab operatsion tizim qanday yuklanishi, BIOS/UEFI va yuklovchi dasturlar (bootloader) qanday ishlashi haqida o'rganamiz.